Innovatsion ishlanma va texnologiyalar transferini rivojlantirishning samarali mexanizmi

0
1301

Bugun O‘zbekiston barcha sohalarda, jumladan, fizika-matematika fanlari, bio va kimyo texnologiyalari yo‘nalishi, yangi materiallar yaratish borasida salmoqli natijalarga erishmoqda. Mamlakatimiz ilmiy muassasalari faoliyati iqtisodiyotimiz va uning real sektorlarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni hal etishga qaratilgan. Mavjud ilmiy salohiyatdan foydalangan holda samarali innovatsion tizim yaratish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor vazifalaridandir. Dunyo bozorida raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda mamlakatimizda iqtisodiyotning zamonaviy, ya’ni innovatsion shaklini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ilm-fan va ishlab chiqarishni o‘zaro bog‘laydigan mustahkam mexanizm bosqichma-bosqich ishlab chiqilmoqda. Bunda olimlar o‘z tadqiqotlarini iqtisodiyot va jamiyatning muayyan ehtiyojlariga yo‘naltirsa, iqtisodiyot tarmoqlari ularning innovatsion faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining 2008-yil 15-iyuldagi «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi ushbu mexanizmning muhim vositasi bo‘lib, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, ma’lumot almashish va mamlakatimiz texnologiyalari transferiga xizmat qilayotir. O‘tkazilgan sakkiz yarmarka doirasida 4 mingdan ortiq ishlanma taqdim etilib, jami 3200 dan ziyod shartnoma imzolandi. Shartnomalarning amalga oshirilishi samarasida 23 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yildi. Ishlab chiqarilgan yangi tovarlar umumiy qiymati bir trillion so‘mdan oshdi. Innovatsion texnologiyalar ishlab chiquvchilar va iqtisodiyot real sektori korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari ham bosqichma-bosqich mustahkamlanib bormoqda. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti tomonidan Markaziy Qizilqum fosforiti asosida azot-fosfor o‘g‘iti olish bo‘yicha ishlab chiqilgan dunyodagi ilk texnologiya «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida joriy etildi. Buning samarasida 2010 va 2014-yillarda qiymati 8,1 milliard so‘mlik 40 ming tonna va 54 milliard so‘mlik 180 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti tomonidan mahalliy xomashyo asosida ekstraksion fosfor kislotasi olish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi texnologiyaning «Ammofos-Maksam» aksiyadorlik jamiyatida joriy etilishi samarasida 2008-2014-yillarda qiymati qariyb 580 milliard so‘mlik 795 ming tonna fosfor o‘g‘iti ishlab chiqarildi, 123,6 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Chigitdan tarkibida gossipol kam bo‘lgan kunjara va tez tozalanadigan yog‘ olish texnologiyasi yo‘lga qo‘yildi va bu chorvachilik ehtiyoji uchun ko‘p miqdorda kunjara ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu yangi ishlanma Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasining 18 korxonasida joriy etilib, qiymati 145 milliard so‘mlik 530 ming tonna zararsiz kunjara ishlab chiqarildi. «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni korxonalarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muassasalari tomonidan yaratilgan o‘ttizdan ortiq turdagi yangi dori vositalarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi va ayni paytda ular dorixonalar tarmog‘i orqali sotuvga chiqarilgan. Qishloq xo‘jaligi kompleksida g‘o‘zaning yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga ega samarali yangi navlari, o‘simliklarni baravj rivojlantiradigan stimulyatorlar, zararkunandalarga qarshi kurashishning biotexnologik usullari va boshqa yangiliklar joriy etilayotir. Bundan tashqari, innovatsiya yarmarkalarida imzolangan shartnomalar doirasida 54 texnologiya va ishlanma tajriba-sanoat sinovlaridan o‘tkazilmoqda, mingdan ortiq tashkilot, korxona va fermer xo‘jaliklariga ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatildi. Joriy yilning 19-21-may kunlari o‘tkazilgan VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklarining yuzdan ortiq ilmiy va ta’lim muassasasi, tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, shuningdek, ixtirochilar va xususiy korxonalar ishtirok etib, 604 amaliy ilmiy-texnik ishlanmani namoyish qildi. Yarmarkada ilmiy-texnik mahsulotlar ishlab chiquvchilar va iste’molchilar o‘rtasida yangi tovar va texnologiyalar xarid qilish bo‘yicha umumiy qiymati 25,7 milliard so‘mlik 776 shartnoma imzolandi. Energiya tejaydigan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan unumli foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish, mahalliy xomashyo resurslarini qayta ishlash, yarim kristall kremniy ishlab chiqarishning yangi texnologiyasini qo‘llash va boshqa yo‘nalishlarga doir ishlanma hamda innovatsion yechimlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bularning barchasi mamlakatimiz iqtisodiyotida ilg‘or texnologiya va innovatsion ishlanmalarga talab yuqori ekanidan dalolat beradi. Zero, bozor iqtisodiyoti sharoitida zamonaviy xo‘jalik yuritish usullarini qo‘llab, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarayotganlar real daromad olish va ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi. Innovatsion faoliyatni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qator chora-tadbirlar ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirishni yanada chuqurlashtirish, ilmiy-texnik salohiyatdan samarali foydalanish, mamlakatimiz ilm-fanining ilg‘or yutuqlari va istiqbolli ilmiy texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, pirovard natijada O‘zbekistonda iqtisodiyot va tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Odilxo‘ja Parpiyev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi ijro apparati rahbari, Aziz Dilmurodov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bo‘lim boshlig‘i.

http://uza.uz/

0

Publication author

offline 3 days

admin

0
Comments: 0Publics: 959Registration: 14-08-2014