Innovatsiyalar – taraqqiyotning muhim omili

0
1787

Poytaxtimizda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish, innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotimizni tarkibiy o‘zgartirish va izchil yangilashga xizmat qilmoqda.

Buni Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida namoyish etilayotgan ishlanmalar salmog‘i yildan-yilga ortib borayotganida yaqqol ko‘rish mumkin.

Joriy yilning 19-21-may kunlari bo‘lib o‘tgan VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa tashkilotlarning yuzdan ziyod ilmiy va ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik tashkilotlari, ixtirochilar va xususiy korxonalar tomonidan taqdim etilgan 600 dan ortiq ilmiy-amaliy ishlanmaning 400 ga yaqini ilk bor namoyish etildi.

Yarmarkada eng ko‘p ishlanmalar sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida qayd etildi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, axborot texnologiyalari sohalari bo‘yicha loyihalar salmog‘i yuqori bo‘ldi. Ko‘rgazma jadal rivojlanayotgan energiya va resurstejamkor texnologiyalar, yuqori texnologiyalar tarmoqlarida ham yangi ishlanmalar tobora ortayotganini ko‘rsatdi.

Ishlanmalar orasida sanoat sohasida elektr energiya sarfini 20-30 foiz tejash imkonini beradigan asinxron elektr uzatmani boshqarish uchun mo‘ljallangan energiya tejovchi chastota o‘zgartirgich, yengil sanoat korxonalarida trikotaj mahsulotlarini bo‘yashda qo‘llaniladigan yangi bo‘yoq kompozitsiyalari kabi ko‘plab istiqbolli loyihalar ishlab chiqarishga keng joriy etish uchun tavsiya qilindi.

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ijodiy tafakkur va yaratuvchilik salohiyatini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Yarmarkada yosh olimlar, talabalar va «Yoshlarning innovatsion g‘oyalari» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining 70 ishlanmasi namoyish etildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalarining «Aqlli uy» va «Aqlli quyosh panellari», Toshkentdagi Turin politexnika instituti talabalarining elektromobil va robottexnika sohasidagi ishlanmalari, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining «Kartoshka ekish uchun tuproqni qayta tayyorlash kombinatsiyalangan uskunasi» singari ishlanmalari yoshlarimizning salohiyatini ko‘rsatib berdi.

Yarmarka doirasida birinchi marotaba Toshkent xalqaro innovatsion forumi o‘tkazilib, unda AQSh, Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiya, Gretsiya, Polsha, Rossiya kabi davlatlar, qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Unda ilmiy va texnologik parklarni qo‘llab-quvvatlash, korxonalarni boshqarishning innovatsion yondashuvi, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, yoshlarning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda rivojlangan davlatlar tajribasi, innovatsion iqtisodiyot uchun kadrlarni tayyorlash singari mavzularda chiqishlar qilindi.

Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob qaytardi

http://uza.uz

0

Publication author

offline 3 days

admin

0
Comments: 0Publics: 1099Registration: 14-08-2014