Zamonaviy texnologiya va ishlanmalar namoyishi

0
1230

Zamonaviy texnologiya va ishlanmalar namoyishi

Farg‘onada “O‘zbekiston infratuzilmasi: Farg‘ona vodiysi – 2015” xalqaro hududiy ko‘rgazmasi ish boshladi. 
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnomoligida qulay sarmoyaviy va biznes muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Ko‘rgazmada Germaniya, Italiya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Vengriya kabi o‘ndan ziyod davlatlarning o‘ttizdan ortiq xorijiy kompaniyasi ishtirok etmoqda.
– Ko‘rgazmada xorijiy ishlab chiqaruvchilar va hududlardagi iste’molchilar o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiluvchi zamonaviy texnologiyalar va ishlanmalar namoyish etilmoqda, – deydi “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova. – Bu tadbir bevosita aloqalarni o‘rnatish, yangi dillerlik tarmoqlari yaratish va mavjudlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbirda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘plab korxona va kichik biznes subyektlari ham o‘zlarining zamonaviy texnologiya va mahsulotlarini namoyish etmoqda.
– Korxonamizda velosiped va nogironlar aravachalari ishlab chiqarilmoqda, – deydi Farg‘ona shahridagi “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasi rahbari Abdurahmon Niyozov. – Ishlab chiqarishda mahalliy xomashyodan foydalanilmoqda. Mahsulotlarimiz narxi xorijnikiga qaraganda ancha arzon.
Ko‘rgazma mamlakatimiz tadbirkorlari, ishlab chiqaruvchilari va xorijiy ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, chet el investitsiyalari va iqtisodiyotimizni ravnaq toptirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni jalb etish borasida qulay imkoniyat yaratmoqda.
0

Publication author

offline 5 days

admin

0
Comments: 0Publics: 913Registration: 14-08-2014