Hamkorlik uchun keng imkoniyatlar

0
2134

 

Hamkorlik uchun keng imkoniyatlar

 
“O‘zekspomarkaz”da VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ish boshladi.
Sanoatchilarning ushbu yirik forumi ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov va boshqalar zamonaviy, diversifikatsiyalangan va raqobatbardosh iqtisodiyotni yanada rivojlantirish O‘zbekiston hozirgi taraqqiyot bosqichining asosiy maqsadi ekanini ta’kidladi. Mazkur jarayon mustaqillikning ilk yillaridan buyon amalga oshirib kelinayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, muhim tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqaruvchilar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga asoslanadi.
Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va modernizatsiya qilish strategiyasining tizimli ravishda va izchil amalga oshirilayotgani samarasida mamlakatimizda joriy yilning o‘tgan 9 oyida yalpi ichki mahsulot 8,1 foiz o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,4, iste’mol tovarlari 11,3, chakana tovar ayirboshlash 14,2 va pulli xizmatlar 11,1 foiz o‘sdi.
Mamlakatimiz ishlab chiqarishning istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirish va mahalliy xomashyo asosida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlashda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Bu import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini yanada oshirish imkonini bermoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2007-yil 12-noyabrda qabul qilingan «Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq har yili o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi shu va boshqa ko‘plab vazifalarni hal etishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur tadbirlar mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida keng xabardor qilish, ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ilgari chetdan olib kelingan mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, shuningdek, bo‘lajak hamkorlar va xorijiy mijozlarni jalb etishga ko‘maklashmoqda.
Ta’kidlash kerakki, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida mamlakatimiz korxonalarida qayta ishlangan xomashyo va materiallar, butlovchi qism va asbob-uskunalar, ishlab chiqarish-texnik yo‘nalishdagi tayyor mahsulotlar iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida, qo‘shimcha tenderlar o‘tkazmasdan sotilmoqda. 2009-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida mamlakatimizdan 378 sanoat korxonasi qatnashgan bo‘lsa, 2013-yilda ularning soni 1,3 mingdan oshdi.
Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar safi ham yildan-yilga kengayib bormoqda. Xususan, 2009-yilda 602 xorijiy ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich mingdan oshdi. Chet ellik ishbilarmonlar tadbir doirasida mamlakatimizning sanoat salohiyati bilan tanishib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda va o‘z mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzmoqda. Ayni paytda ular O‘zbekistonda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma yoki o‘z korxonasini tashkil etish istiqbollarini baholash imkoniga ega bo‘lmoqda.
Bu yerda yuqori sifatli keng turdagi mahsulotlar namoyish etilayotgani, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniyati mavjudligi bois o‘tgan yilgi forum doirasida sanoat kooperatsiyasi asosida 6,2 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan edi. Eksport shartnomalarining hajmi esa 6,3 milliard AQSh dollarini tashkil qildi.
Joriy yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ham an’anaga ko‘ra ikki bosqichda o‘tkazildi. Joriy yilning mart-iyun oylarida o‘tkazilgan birinchi bosqichda hududiy va tarmoq sanoat yarmarkalari bo‘lib o‘tdi. Ularda 3,8 mingdan ortiq korxona 19 ming turdan ziyod mahsulotlarini namoyish etdi. Yarmarkalar yakuni bo‘yicha 2014-yilda sanoat kooperatsiyasi asosida qiymati 890,5 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berishga doir xo‘jalik shartnomalari va 260,2 million dollarlik eksport shartnomalari tuzildi.
Forumning ikkinchi bosqichida mamlakatimizning 1,7 mingdan ziyod korxona, kompaniya va tashkilotlari namoyish etayotgan 20 mingdan ortiq tovar- xizmatlarning olti yuzdan ziyodi Mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan yangi turdagi mahsulotlardir.
– Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining xalqaro maqomi uning nufuzidan, O‘zbekistonda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi, – deydi «Comes» davlat aksiyadorlik kompaniyasining loyihalar bo‘yicha menejeri (Ruminiya) Aleksandr Stavila. – Kimyo, metallurgiya va neftni qayta ishlash tarmoqlari uchun uskunalar ishlab chiqaradigan kompaniyamiz o‘zbekistonlik sanoatchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro manfaatli munosabat o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
Radioelektronika, elektr texnikasi uskunalari ishlab chiqarish va asbobsozlik korxonalari ham ko‘plab mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Forum ishtirokchilari orasida «O‘zbekenergo» davlat aksiyadorlik kompaniyasi ham bor. Kompaniyaning 10 korxonasi elektr tarmoqlari barpo etishda ishlatiladigan uskunalar, kichik elektr stansiyalari, transformator, elektr uzatish liniyalari va temir yo‘lni elektrlashtirish moslamalari, maishiy va sanoat hisoblagichlar, o‘tga chidamli materiallarni namoyish etayotir.
– O‘zbekistonda chet ellik investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, xususan, «Angren» maxsus industrial zonasi «EG Lightings» kompaniyasi(Janubiy Koreya)ni Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasi bilan uzoq muddatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihani amalga oshirishga undadi, – deydi «Egl-Nur» qo‘shma korxonasining ishlab chiqarish bo‘yicha menejeri De Xi Kim. – Ayni paytda ichki va tashqi yoritishga mo‘ljallangan energiya tejovchi yorug‘lik diodli lampalar ishlab chiqarmoqdamiz. Korxonamiz O‘zbekiston bozoriga yaqinda kirib kelgan bo‘lsa-da, «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi, energetika tarmog‘i korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu galgi yarmarkada O‘zbekiston bozoridagi yangilik – ofislar uchun yassi panelli energiya tejovchi lampalarni taqdim etmoqdamiz.
“O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni korxonalari sifatli farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va kengaytirish imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Chunonchi, joriy yilda «Nika Pharm» sho‘ba xo‘jalik jamiyati dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatli va 5,35 million AQSh dollarilik investitsiyaviy salohiyatga ega yangi, yuqori texnologiyali avtomatlashtirilgan kompleksni ishga tushirdi.
Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ko‘rgazma zallaridan biri mamlakatimiz hududlarining sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan. Bu yerda ko‘plab kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti vakillarini uchratish mumkin. Zero, ular sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishda muhim o‘rin tutadi.
Besh kun davom etadigan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida yirik sanoat korxonalari, yetakchi ishlab chiqaruvchilar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, hududlarning 60 dan ortiq markazlashtirilgan taqdimotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ishbilarmonlik munosabatlarini o‘rnatish va yo‘lga qo‘yish, moddiy ishlab chiqarish sektorida tadbirkorlik hamda novatorlik loyihalarini rivojlantirish maqsadida yarmarka ishtirokchilariga O‘zbekistonning 2014-2015-yilgi sanoat mahsulotlari katalogi taklif etilmoqda. Unda mamlakatimizning 2300 dan ziyod korxonasi va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to‘g‘risidagi axborotlar jamlangan.
Ta’kidlash joizki, tadbirlar ishchanlik muhitida o‘tmoqda. Mahsulotlarning ishlab chiqarish sektorlari bo‘yicha joylashtirilgani, batafsil axborotlarning taqdim etilayotgani yarmarka ishtirokchi va mehmonlariga o‘zlarini qiziqtirgan obyektlar, rasmiy vakillarni tez topishga ko‘maklashmoqda.

 http://www.uza.uz

Sardor Tojiyev, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
0

Publication author

offline 2 weeks

admin

0
Comments: 0Publics: 1106Registration: 14-08-2014