O‘zbekiston jahon paxta bozorining yetakchilaridan biri

0
2284

O‘zbekiston jahon paxta bozorining yetakchilaridan biri

 
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan X Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi buni yana bir bor yaqqol tasdiqladi.
Toshkent shahrida 13-14-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan yarmarkada 580 ming tonna O‘zbekiston paxta tolasini sotib olish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha esa bir milliard AQSh dollaridan ziyod miqdordagi shartnomalar imzolandi. Bu jahon bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlariga talab yuqoriligini namoyon etdi.
Anjuman doirasida o‘tgan xalqaro konferensiya ishtirokchilari qariyb 50 mamlakatdan mingdan ortiq ishbilarmon doira vakillari, ekspertlar va mutaxassislarni o‘zida jamlagan ushbu yarmarka 2014-yil jahon paxta sanoatining eng muhim tadbirlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.
25c (1).JPG
Ular O‘zbekiston va dunyoda paxta ishlab chiqarish va iste’mol qilish, savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish kabi ko‘plab masalalarni muhokama qildi, mamlakatimiz dalalarida yetishtirilgan paxtaning sifat ko‘rsatkichlari bilan bevosita tanishib, o‘zaro manfaatli shartnomalar imzoladi.
Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda o‘z eksport salohiyatini yuksaltirish, tashqi bozorlarga xomashyo o‘rniga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar yetkazib berishga bosqichma-bosqich o‘tish borasida salmoqli yutuqlarga erishdi.
Barcha mijozlarga teng imkoniyatlar taqdim etish, shartnomalar tuzish, to‘lov va yetkazib berish shartlari bo‘yicha cheklovlarning yo‘qligi O‘zbekiston paxta eksporti siyosatining o‘ziga xos xususiyati ekani ta’kidlandi. Jahon bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy o‘zgarishlar ta’sirini kamaytirish maqsadida mamlakatimizda narxlarni belgilashning moslashuvchan tizimidan foydalanilmoqda. Bir necha yillardan buyon qo‘llanib kelinayotgan «A» Cotlook indeksi asosida narx belgilashning transparent tizimi o‘zbek paxtasiga nisbatan narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish imkonini berayotir.
Mamlakatimizda yigirmadan ziyod ixtisoslashtirilgan paxta terminali, bir paytning o‘zida 410 ming tonna paxta tolasini saqlash imkoniga ega to‘rtta erkin ombor, transport infratuzilmasidan iborat logistika tizimi yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasini iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazish imkonini bermoqda. Paxtani eksport qilish jarayoniga «O‘zmarkazimpeks», «O‘zprommashimpeks» va «O‘zinterimpeks» tashqi savdo kompaniyalari jalb etilgan. Ular xorijiy davlatlardagi o‘z vakolatxona va savdo uylari orqali hamkorlarga paxtani yil davomida barqaror yetkazib berishni ta’minlayotir.
Ishlab chiqarish quvvatlarining modernizatsiya qilinayotgani, sohaga xalqaro sifat standartlari hamda texnik reglamentlarning tizimli asosda joriy etilayotgani mamlakatimiz paxta sanoatining muhim yutuqlaridandir. Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Mang‘it, Surxondaryo viloyatidagi Muzrabot va Qiziriq, Xorazm viloyatidagi Bog‘ot paxta tozalash zavodlarini texnologik yangilash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi Xalqaro rivojlanish uyushmasi bilan hamkorlikda korxonalarning energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha qiymati 3,8 million dollarga teng loyihani amalga oshirmoqda.
Mamlakatimizda paxtaning mexanizatsiyalashgan terimini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy paxta terish mashinalarining narxi va texnik ko‘rsatkichlari fermerlarga ma’qul bo‘lmoqda. Bugungi kunda paxta dalalarida 1200 dan ziyod ana shunday mashina paxtakorlar og‘irini yengil qilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston paxta tolasining sifati va xaridorgirligini oshirishga doir izchil choralar ham ko‘rilmoqda. Xususan, bu borada seleksionerlarimiz sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda paxtaning o‘nlab yangi navlari yaratildi. Yarmarka ishtirokchilari ularning sifat ko‘rsatkichlari bilan «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan ekspozitsiyada tanishdi. Ayniqsa, yuqori unumdorligi va ildiz tizimi rivojlangani bilan ajralib turadigan «Porloq» navi ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
«O‘zekspomarkaz»ning alohida pavilyonida mamlakatimiz yengil sanoati korxonalarining ip, mato, gazlama, tayyor tikuvchilik, trikotaj va ipak mahsulotlarining keng assortimenti namoyish etildi. Bu mamlakatimizning 3 mingga yaqin korxonadan iborat yengil sanoat sohasi jadal rivojlanib borayotganidan dalolatdir.
Istiqlol yillarida mamlakatimiz yengil sanoatiga 2 milliard dollar miqdoridagi investitsiyalar jalb etildi. Singapur, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Yevropa ittifoqi va MDH mamlakatlari, Yaponiya, AQSh va boshqa davlatlarning sarmoyadorlari ishtirokida yangi korxonalar qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ikki yuzdan ziyod loyiha amalga oshirildi. Yarmarkada ushbu korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ham namoyish etildi. Ular orasida «Plasteks» kompaniyalar guruhi ham bor.
«Plasteks» qo‘shma korxonasining tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha menejeri Abror Roziqovning aytishicha, kompaniyada yuqori sifatli ip-kalava va trikotaj matosi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Mahsulotlarning katta qismi Xitoy, Rossiya, Turkiya va Yevropaning boshqa davlatlariga eksport qilinayotir. Yarmarkada har yili ishtirok etish samarasida hamkorlar soni ham ko‘payib bormoqda. Bu yil chet elga mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 10 ga yaqin shartnoma imzolandi.
Mamlakatimizning boshqa kompaniyalari ham yarmarkada o‘z hamkorlari doirasini kengaytirish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, Samarqandda faoliyat ko‘rsatayotgan «B.S.H» kompaniyalar guruhi joriy yilning sentabr oyidan buyon ishlab chiqarayotgan yangi mahsuloti – jinsidan tikilgan liboslar uchun xaridorlar topdi. Mamlakatimizda tayyorlangan matolardan bolalar, xotin-qizlar va erkaklar liboslari ishlab chiqarayotgan poytaxtimizdagi «BF Textile» xorijiy korxonasi ham eksport bo‘yicha bir qancha shartnoma tuzdi.
Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan «Shindong Spinning Termez» qo‘shma korxonasi esa yarmarkada yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ushbu korxonada bir kecha-kunduzda 10 tonnaga yaqin yuqori sifatli kalava tayyorlanmoqda.
– Mahsulotlarimizning 95 foizini chet elga eksport qilamiz, – deydi «Shindong Spinning Termez» qo‘shma korxonasi tijorat direktori Gulmurod To‘xtashev. – Yarmarkada ishtirokimiz tufayli xitoylik ishlab chiqaruvchilar bilan qiymati 700 ming dollardan ziyod yangi shartnoma tuzdik.
Yarmarkaning xorijlik ishtirokchilari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligi va bundan manfaatdorligini bildirdi. Ular mamlakatimiz hududlarining investitsiya salohiyati, to‘qimachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimot marosimida ishtirok etdi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi «O‘zbekiston» paxtani qayta ishlash zavodi, “Toshkent-tola” paxta terminali va «Uztex-Chirchiq» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Yarmarka O‘zbekiston paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlarining yuqori sifati hamda raqobatbardoshligini yana bir bor namoyish etdi. Bu zamonaviy iqtisodiy sharoitda mamlakatimiz yangi bozorlarni zabt etishi va jahon bozoridagi o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashi uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanidan dalolat beradi.
0

Publication author

offline 2 weeks

admin

0
Comments: 0Publics: 1106Registration: 14-08-2014