“O‘zekspomarkaz” yarmarkaga tayyor

0
2074
2014-10-11
Joriy yilning 13-14-oktabr kunlari poytaxtimizda X Xalqaro O‘zbekiston  paxta va to‘qimachilik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu yarmarka samarasida jahon bozorida o‘zbek paxta tolasiga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda. Ayni paytda yarmarkaning nufuzi ortib, ko‘lami kengaymoqda. Jumladan, 2005-yilda o‘tgan dastlabki yarmarkada 30 mamlakatdan qariyb 170 kompaniya vakillari qatnashgan bo‘lsa, o‘tgan yili 40 davlatdan paxta va to‘qimachilik kompaniyalarining ming nafardan ko‘p vakili ishtirok etdi.
Joriy yilda yarmarkada ishtirok etuvchilar safi yanada kengayishi kutilayotir.
Yarmarkani yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha zarur tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chunonchi, ishbilarmonlarning o‘zaro muzokaralar olib borishi va shartnomalar imzolashi uchun barcha sharoit yaratildi.
Paxta va to‘qimachilik tarmog‘i mahsulotlari alohida pavilyonlarda namoyish etiladi. Ko‘rgazma zali markazida turli navdagi paxta tolasi va g‘o‘za urug‘i namunalarini namoyish qilish uchun maxsus stendlar o‘rnatilgan. Namoyish etiladigan tola namunalari “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi sertifikatiga ega. Markazning barcha hududiy laboratoriyalarida HVI zamonaviy tizimidan foydalanilayotgani paxta tolasining yuqori sifatini ta’minlayotir.
To‘qimachilik mahsulotlari pavilyonida “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasining yetakchi korxonalari va xususiy tadbirkorlarning eksportbop mahsulotlari bilan tanishish mumkin bo‘ladi.
Yarmarka doirasida mamlakatimiz dizaynerlari tomonidan jahon moda tendensiyalari va milliy an’analarimizni hisobga olgan holda tayyorlangan rang-barang liboslar namoyishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Xalqaro shartnoma tuzish va taqdimot o‘tkazish uchun zamonaviy talab va standartlarga mos jihozlangan konferensiya zali ishtirokchilar ixtiyorida bo‘ladi.
X Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi mazkur sohalardagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishish, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
0

Publication author

offline 2 weeks

admin

0
Comments: 0Publics: 1106Registration: 14-08-2014